Komiljon To‘xtayev OOK Atletlar komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ro‘yxatidan joy oldi
153

“Xarbin-2025” qishki Osiyo o‘yinlari oldidan Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Atletlar komissiyasi tarkibi uchun qishki sport vakillari orasidan nomzodlarni e’lon qildi.
Ahamiyatli jihati, mazkur komissiya a’zoligiga tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Komiljon To‘xtayev nomzodi ham joy oldi. Hamyurtimizga bu borada Narumi Takaxashi (figurali uchish, Yaponiya), Aiza Mambekova (figurali uchish, Qozog‘iston), Xojun Kim (snoubord, Koreya Respublikasi), Zang Yize (short-trek, Xitoy), Ven-Yi Li (tog‘ chang‘isi, Xitoy Taipeyi) raqiblik qiladi.
Qayd etish lozimki, ovoz berish jarayoni Xarbin shahrida o‘yinlar davomida tashkil etiladi va birgina nomzod komissiya a’zoligiga tanlab olinadi. Jarayonda faqat sportchilar ishtirok etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Komil To‘xtayev “Pxyonchxan-2018” va “Pekin-2022” qishki Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, Osiyo chempioni hisoblanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA