2024 yilda muhojirlar O‘zbekistonga qariyb 15 milliard dollar yuborgan

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda jismoniy shaxslardan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 30 foizga oshib, 14,8 mlrd. dollarga yetgan. Mablag‘larning 77 foizi – 11,5 mlrd. dollar Rossiyadan kelib tushgan. Transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (795 mln. dollar), AQSH (577 mln. dollar), Janubiy Koreya (534 mln. dollar), Turkiya (405 mln. dollar), Buyuk Britaniya (135 mln. dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.
Xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalar tezkorligi, qulayligi va nisbatan arzonligi hisobiga ommalashib bormoqda. Birgina 2024 yilda P2P (onlayn) tranzaksiyalar soni qariyb 71 milliontaga yetgan bo‘lsa (2023 yilga nisbatan o‘sish 47 foiz), o‘tkazmalar hajmining kelib tushgan jami mablag‘lar hajmidagi ulushi 40 foizgacha ko‘paydi.
Shuningdek, 2024 yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,8 mlrd. dollarni tashkil qildi. 2024 yilda banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi 2023 yilga nisbatan 19 foizga (4 mlrd dollar) ko‘payib, 25,5 mlrd. dollarni tashkil etdi. Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 16,1 mlrd. dollar miqdoridagi yoki 2023 yilga nisbatan 31 foizga ko‘p chet el valyutasi sotilgan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan banklardan xarid qilingan chet el valyutasi hajmi 2023 yilga nisbatan 3 foizga o‘sib, 9,4 mlrd. dollarga yetdi. Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi hajmi sotib olingan chet el valyutasi hajmidan 6,7 mlrd. dollarga ko‘p bo‘lib, ushbu ijobiy farq o‘z navbatida ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA