AQSH Prezidenti inauguratsiyasi qay tartibda kechadi?

AQSH Prezidentining inauguratsiyasi Amerika siyosiy hayotidagi eng qadimiy an’analardan biri hisoblanadi va 1841 yildan buyon hozirgi ko‘rinishda davom etib kelyapti.
Bu boradagi qomusiy bandda faqat qasamyod qabul qilinadigan sana va zarur so‘zlar keltirilgan. Qolgan qoidalar an’analar bilan belgilanadi.
AQSH Konstitutsiyasiga 1933 yil kiritilgan 20-o‘zgarishga muvofiq, Prezident va vitse-prezidentning vakolati 20 yanvar kuni tushda tugaydi. Binobarin, shu lahzadan ularning vorislari muddati boshlanadi.
Inauguratsiya hech qachon yakshanbaga belgilanmagan. Agar 20 yanvar shu kunga to‘g‘ri kelsa, davlat rahbari yakka tartibda qasamyod qiladi, ommaviy marosim esa ertasiga o‘tadi.
1901 yilda joriy etilgan tartibga ko‘ra, parlamentning maxsus qo‘shma qo‘mitasi Kongress binosida Prezident qasamyodi va kechki bazmni o‘tkazish uchun mas’ul. Tadbir Kapitoliydan tortib, Linkoln yodgorligigacha cho‘zilgan Milliy savdo markazi maydonigacha qamrab oladi.
Batafsil dastur bo‘yicha o‘tkaziladigan marosim doirasida ertalab saylangan Prezident va vitse-prezident oila a’zolari bilan birga cherkovga kirib, diniy marosimda qatnashadi, keyin Oq uyga borishadi. O‘sha joyda iste’foga chiqqan yetakchi ular uchun an’anaviy choy ziyofati tashkil qiladi.
Odatda Yashil yoki Qizil xonada o‘tadigan ushbu tadbirda vitse-prezidentlar va ularning turmush o‘rtoqlari ishtirok etadi.

Shundan so‘ng ikkala siyosatchi ham bir xil limuzinning orqa o‘rindig‘iga ma’lum bir tartibda o‘tiradi: lavozimni topshirayotgan davlat rahbari o‘ng,yangi yetakchi esa chap tomonda. Rafiqalar uchun boshqa mashina ajratiladi. Uchinchi mashinada vitse-prezidentlar, to‘rtinchisida esa ularning umrn yo‘ldoshlari joylashadi.
Avtomobil karvoni Kapitoliyga yetib borgach, inauguratsiya marosimi majmuaning tashqi tomonida davom etadi. Qasamyod qilishni har doim vitse-prezident boshlaydi, chunki lozim vaziyatda saylangan davlat rahbari lavozimini egallash aynan uning zimmasida.
Prezident qasamyodi an’anaviy tarzda Oliy sud Bosh sudyasi tomonidan qabul qilinadi. Bu jarayon prezidentni saylagan saylovchilar ishtirokida, Kongressning sobiq va hozirgi a’zolari, Oliy sud sudyalari, diplomatlar va boshqa yuqori martabali mansabdor shaxslar guvohligida kechadi.
Saylangan Prezident chap qo‘lini, an’anaga muvofiq, birinchi xonim ushlab turadigan oilaviy Injilga qo‘yadi, o‘ng qo‘lini ko‘taradi va mamlakat Konstitutsiyasi 2-moddasi 1-bobiga binoan, 35 so‘zdan iborat qasamyodni o‘qiydi:
– Men tantanali ravishda qasamyod qilaman (yoki tasdiqlayman), men Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti lavozimini sodiqlik bilan bajaraman va Qo‘shma Shtatlar Konstitutsiyasini saqlash, himoya qilish va asrash uchun bor kuchimni sarflayman.
Bu va’da hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini ifodalaydi.
Qasamyod qabul qilingach, Prezident inauguratsiya nutqini irod qiladi. Shu tariqa yangi yetakchi Amerika xalqiga o‘zining to‘rt yillik harakat dasturini bevosita e’lon qiladi.
Amerika milliy madhiyasi yangraydi va AQSH ramzi bo‘lgan bayroqqa sodiqlik qasamyodi o‘qiladi.
Keyin yangi rahbar oldingi Prezidentni Kapitoliyning Sharqiy qanoti bo‘ylab kuzatib boradi, zinapoyada faxriy qorovul saf tortadi, maydonda Kongressning Inauguratsiya marosimi bo‘yicha qo‘shma qo‘mitasi a’zolari ham hozir bo‘ladi.
2021 yil yanvarda Donald Tramp vorisi Jo Baydenning inauguratsiyasini o‘tkazib yuborgan va Endryu Jonsonning 1869 yildagi qilig‘ini takrorlagan.
Ko‘p yillik an’anaga ko‘ra, lavozimini tark etayotgan Prezident yangi hamkasbi uchun Oval kabinetdagi prezident stoli tortmasida shaxsiy eslatma qoldiradi. Mazmuni oshkor etilmaydigan bu maktubni faqat shu vazifani bajarishga kirishgan shaxs o‘qiydi.
Xayrlashuvdan so‘ng Prezident va Kongress a’zolari tantanali tushlik payti norasmiy birodarlik ramzi sifatida Kapitoliyga kiradi. Keyin Prezident va vitse-prezident majmuaning Sharqiy zinasiga boradi va o‘sha joydan turib qo‘shinni ko‘zdan kechiradi. Prezident, Vitse-prezident, ularning turmush o‘rtoqlari va maxsus mehmonlar Prezident minbari oldidan o‘tayotgan inauguratsiya paradini tomosha qiladi.
O‘zA muxbiri S.Rahimov tayyorladi.