Talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi (+video)

207

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yangi zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy talabalar turar joylarini qurish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z bordi.

Foydalanishga topshirilgan talabalar uyining qurilish ishlari “ELLIKQALA MAXSUS QURILISH” mas’uliyati cheklangan jamiyat malakali quruvchilari tomonidan qisqa muddatda bitkazildi. 400 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi zamonaviy mebel jihozlari, elektr pechlari, muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pechlar, suv isitish uskunalari bilan ta’minlangan.

Talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, dam olishi, qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashishi, bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusni talabalar orasida ommalashtirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter xonalari, axborot resurs markazi, san’atshunoslikka qiziquvchi yoshlar uchun barcha qalayliklarga ega to‘garaklar tashkil etilgan.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda Qoraqalpoq davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘ringa mo‘ljallangan yana bitta talabalar turar joyi binosi foydalanishga topshiriladi. Bu o‘z navbatida talabalarni yotoq joy bilan qamrab olish darajasini 50 foizgacha oshiradi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA