“Humo” hamon uchinchi o‘rinda

154

Xokkey bo‘yicha Qozog‘iston muntazam chempionatida Toshkentning “Humo” klubi Rudniy shahrida “Gornyak” jamoasiga qarshi ikkinchi o‘yinini o‘tkazdi.

Ushbu jamoalar o‘rtasida dastlabki bahsda mezbonlar 5:1 hisobida poytaxtimiz klubini taslim etgan bo‘lsa, ikkinchi uchrashuvda “Humo” raqib darvozasiga javobsiz beshta shaybani joylab qo‘ydi.

Mazkur g‘alabadan so‘ng “Humo” ochkolarini 47 taga yetkazib olgan holda turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Darvoqe, chempionatda “Torpedo” jamoasi 50 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda esa “Sarыarka” klubi 48 ochko bilan bormoqda.

Endi “Humo” 21-22 yanvar kunlari safarda “Aktobe”ga qarshi bahs olib boradi. Ushbu jamoalarning Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvlarida “Humo” 3:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. Umid qilamizki, chempionat doirasidagi 3-4 bahslarda jamoamiz muvaffaqiyatga erishadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA