Bollivud yulduziga suiqasd qilindi

188

Bollivudning mashhur aktyori Saif Ali Xonning uyiga bosqinchi bostirib kirgan. Pichoq bilan uyushtirilgan hujum oqibatida jabrlanuvchi jiddiy jarohatlanib, shahardagi “Lilavati” kasalxonasiga yotqizildi. Bu haqda “Hindustan Times” xabar tarqatdi.

Ma’lumotga ko‘ra, hodisa payshanba kuni ertalab Xon oilasi bilan yashaydigan Mumbay shahrining yuqori mavqega ega tumanida sodir bo‘lgan.
Shahar politsiyasi ta’kidlashicha, aktyor uyiga yarim tundan keyin kirib kelgan notanish erkak bilan tortishib qolgan. Natijada Saif Ali Xon bir necha bor pichoqlangan.

– Voqea o‘g‘irlikka urinish ortidan sodir etilgan bo‘lishi mumkin, – deydi san’atkorning targ‘ibot guruhi vakili.

Shifoxonaning jarrohlik bo‘yicha bosh direktori aytishicha, aktyor olti joyidan yaralangan. Tananing ikki a’zosiga yetkazilgan jarohat juda xavfli.

Politsiya allaqachon surishtiruv boshlagan.

1970 yil tavallud topgan bu taniqli hind aktyori faoliyati davomida ko‘plab filmlarda rol ijro etgan, prodyusserlik qilgan.