TDT rahbari “Fergani Space” parvoziga munosabat bildirdi

182

Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev Turkiyaning “Fergani Space” kompaniyasiga qarashli “FGN-100-d1” birinchi sun’iy yo‘ldoshi muvaffaqiyatli uchirilgani bilan tabrikladi.

– “Baykar” boshqaruv kengashi raisi Seljuk Bayraktar boshchiligida erishilgan bu tarixiy muvaffaqiyat turkiy dunyoning ulkan g‘oyalari, buyuk maqsadlari timsoliga aylandi, – dedi TDT rahbari. – Ayniqsa, bu yutuq Bayraktar janoblari tashkilotimiz tomonidan Buxoroda tashkil etilgan Yoshlar platformasi doirasida turkiy dunyo yoshlari bilan baham ko‘rgan buyuk orzuning ro‘yobiga aylangani quvonarli. Ko‘p yillik mashaqqatli mehnat tufayli haqiqatga aylangan niyat barchamiz uchun g‘urur va ilhom manbaiga aylandi. Mazkur loyiha Al-Farg‘oniy, Ulug‘bek singari buyuk o‘zbek allomalarining ilmiy merosini jonlantirish barobarida kelajak avlodlarga ham ilhom bag‘ishlaydi, umumiy tariximiz, ilmiy qadriyatlarimizni ulug‘lashga xizmat qiladi. Ushbu muvaffaqiyat turkiy dunyoning koinot texnologiyalari sohasidagi global mavqeini mustahkamlaydi, kelajak uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Qolaversa, a’zo davlatlarning fazoni o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.

TDT kotibiyati ayni yo‘nalishda sheriklikni rivojlantirishga doim sodiq.

– Biz a’zo davlatlar o‘rtasida tajriba, bilim va texnologiyalar almashinuvi platformasini yaratish, kosmik tadqiqotlar bo‘yicha umumiy imkoniyatimizni mustahkamlash ustida ishni davom ettiramiz, – deya so‘zini yakunladi Q.Omuraliyev. – Ulug‘ maqsadni ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shgan barchani chin qalbimdan tabriklab, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilayman.

Eslatib o‘tamiz, “FGN-100-d1” sun’iy yo‘ldoshi 14 yanvar kuni AQSH Kaliforniya shtatidagi Vandenberg fazo bazasidan ko‘tarilib, orbitaga muvaffaqiyatli chiqib oldi.

G.Sattorova,
O‘zA