O‘quvchilarning qishki ta’tili maroqli o‘tmoqda

322

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda, ularni bolaligidanoq sportga, san’atga, til o‘rganishga va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 noyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etish orqali ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand bo‘lishini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

– O‘quvchilar orasida teatr va tomosha san’atini keng targ‘ib qilish hamda iqtidorli bolalarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Tong nuri” teatr studiyasi o‘tgan yilning fevral oyida tashkil etilganiga qaramasdan, yaxshi natijalarga erishib kelmoqda, – deydi Nukus shahridagi 31-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflari bor umumta’lim maktabi direktorining  ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilbar Bayniyazova. – Xususan, 2024 yilning may oyida umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan “Turon” teatr studiyasi tanlovida dastlab Nukus shahar, so‘ngra Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida tengsiz deb topilib, birinchi o‘rinni egalladi va Buxoro shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi final bosqichiga yo‘llanma oldi.

O‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini maroqli o‘tishini ta’minlash maqsadida teatr studiyasi jamoasi har kuni sahna asarlarini namoyish etmoqda. Jumladan, I.Yusupovning “Mangu buloq”,  K.Matmuratovning “Umirbek va tozcha”, Ch.Aytmatovning “Nayman ona” va Sh.Boshbekovning “Temir xotin” spektakllari maktab o‘quvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan fan va sport to‘garaklari ham shu kunlarda bolajonlar bilan gavjum.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA