Harbiy sohadagi islohotlar samarasi

So‘nggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlariga, harbiy xizmatchilarning xizmat o‘tash sharoitlarini yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor tufayli ko‘plab harbiy ob’ektlar, dala-o‘quv maydonlarining infratuzilmasi butkul yangicha qiyofa kasb etib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish, xalqimizda armiyaga bo‘lgan yuksak ishonchini kuchaytirish, armiya va xalq o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Mamlakat mudofaasi uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash, yoshlarda vatanparvarlik, ona yurtga muhabbat tuyg‘ularini yuksaltiradigan, dastlabki harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan saboq beradigan Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etildi.
Mazkur majmuani aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda boshqarma qoshidagi yig‘in punkti joylashgan hududda qurilishi Prezidentimiz rahbarligida 2024 yilning yanvar oyida o‘tkazilgan Harbiy kengash yig‘ilishida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiyaga chaqiruv tadbirlarini sifatli o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratish hamda harbiy tayyorgarlik fanini o‘tkazish sifatini oshirish bo‘yicha bergan topshiriqni bajarish maqsadida “Qoraqalpog‘iston tajribasi” sifatida yangi tizimning samarador ekanligi e’tirof etilmoqda.
Majmuada safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni xizmatchilari tomonidan 12 ta jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘uloti bilan shug‘ullanishi uchun alohida uch qavatli o‘quv binosi yaratilib, unda 20 ga yaqin mashg‘ulot xonasi, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi o‘gitlari, qahramonliklarini o‘zida namoyon etuvchi tematik sinflar, 120 o‘rinli anjumanlar zali, badiiy adabiyot, o‘quv qo‘llanmalar va elektron nashrlarga boy kutubxona, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter sinfi, kompyuterlashtirilgan panoramali o‘q otish sinfi, zamonaviy sport anjomlari va yopiq turdagi zalga ega bo‘lgan sport majmuasi hamda tibbiyot punkti bugungi kun talablari asosida jihozlandi.
Alohida to‘rt qavatli shtab binosida batalon boshqaruvi uchun navbatchilik xonasi, xizmat xonalari hamda SCHR xizmatchilari uchun sanitar tizimlarga ega bo‘lgan 400 o‘rinli yotoqxona qurildi. Saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari, harbiycha an’analarga asoslangan tantanali tadbirlarni o‘tkazish uchun saf maydoni, 400 o‘ringa mo‘ljallangan va autsorsing tizimi asosida faoliyat yuritadigan oshxona majmuasi, qo‘shimcha 200 o‘rinli katta sanitar tizim bunyod etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA