“Paxtakor” Gruziya chempionatining sobiq to‘purari bilan shartnoma imzoladi

2022 va 2023 yilgi futbol mavsumlarida “Dinamo” Batumi safida mamlakat to‘purari bo‘lgan Jovino Flamarion Toshkentning “Paxtakor” klubi bilan shartnoma imzoladi.
Braziliyalik Flamarion Gruziya chempionatida 139 ta o‘yinda maydonga tushib, 59 ta golni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan futbolchi hisoblanadi.
Ushbu futbolchi 2020-2021 yil davomida Rossiyaning “Rotor” klubi sharafini himoya qilgan. 20 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta golga mualliflik qilgan.

Hozirda Fransiyaning “Valansen” klubida faoliyat yuritayotgan Flamarion shartnoma imzolangach o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Hamdo‘stlik mamlakatlari chempionatlari unga begona emasligini, Gruziya chempionatida erishgan natijalarini “Paxtakor” safida ham takrorlash niyatida ekanini bildirgan.
Aytish lozim, Jovino Flamarion “Paxtakor” bilan shartnomaga imzo chekkan to‘rtinchi xorijlik futbolchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” jamoasi ayni paytda Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashmoqda. Mazkur mashg‘ulotlar yanvar oyining so‘nggi kunlariga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA