Ukrainaga “tinchlikparvar” kuchlar yuborish masalasi yashirincha muhokama qilinmoqda

217

Buyuk Britaniya va Fransiya yetakchilari Rossiya bilan ziddiyat bartaraf etilgandan keyin Ukrainaga qo‘shma “tinchlikparvar kuchlar” yuborish masalasini yashirincha ilgari surmoqda, deb yozdi kuni kecha “Telegraph” nashri qirollik hukumatidagi manbalarga tayanib.

– Bosh vazir Key Starmer va Prezident Emmanuel Makron urushni tugatish bo‘yicha har qanday ehtimoliy kelishuvdan so‘ng Ukrainaga Britaniya va Fransiya askarlaridan iborat tinchlikparvar kuchlar yuborish mavzusini muhokama qilmoqda, – deyilgan maqolada. – Muzokara tafsiloti hozircha sir saqlanyapti.

Ta’kidlanishicha, Starmer bu tashabbusga “hali to‘liq qo‘shilmagan”, Makron esa bu masalani avvalroq Vladimir Zelenskiy va Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bilan kelishgan.

Manbalarga ko‘ra, Parij va London o‘rtasida yuzaga chiqayotgan ayrim muammolarga loyihaning noaniqligi, mojaro qaytadan avj olishi xavfi mavjudligi, shuningdek harbiylar xavfsizligiga tahdid darajasi yuqoriligi sabab bo‘lmoqda.

Dekabr oyida Tusk Makronga Polsha qo‘shini o‘t ochish to‘xtagandan keyin ham Ukrainaga kirmasligini aytgan edi.

O‘tgan yil Reyter nomini oshkor etmagan yevropalik mulozimga tayanib, urush tugagandan keyin Ukrainaga qo‘shin yuborish xususida Yevropa Ittifoqida yakdil fikr yo‘qligi, ayni masala bo‘yicha besh-sakkiz davlatdan iborat koalitsiya tuzish imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bu kuchlarning tayanchini Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Buyuk Britaniya kabi mintaqadagi yirik davlatlar tashkil qilishi mumkin va bu maqsad uchun 100 mingga yaqin askar kerak bo‘ladi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri  Key Starmer ilk bor Ukrainaga tashrif buyurishi ham mazkur masala keyingi payt ancha jiddiy tarzda ko‘tarilayotganiga ishorami? Bu savolga hozircha aniq javob yo‘q.

Binobarin, “Guardian” gazetasi “Qirollik hukumati yetakchisi Kiyevda Ukraina bilan “Yuz yillik hamkorlik” shartnomasini imzolamoqchi”ligiga e’tibor qaratgan.

Starmer прибыл на Украинu - РИА Новости, 16.01.2025

Avvalroq Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi London Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi to‘g‘risidagi “yuz yillik hamkorlik” haqida gapirgan edi.

– Starmer Dauning-stritga ko‘chib o‘tganidan keyin Zelenskiy bilan uchrashish uchun birinchi marta Ukrainaga bordi, – deb yozdi nashr. – London va Kiyev mudofaa sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun “yuz yillik hamkorlik” to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi. Bosh vazir Kiyev rasmiylari bilan Britaniya qay darajada xavfsizlik kafolati taqdim etishi mumkinligi, jumladan mojaro bartaraf etilgandan so‘ng tinchlikparvar kuchlar tarkibida qirollik qo‘shinlarini yuborish imkoniyatini muhokama qilishi kutilyapti.

Ehtimol, bunday bayonotlar ziddiyat barham topishiga erishilgach, Ukrainaga umumiy “armiya” yuborish masalasi yashirincha muhokama qilinayotgani xususidagi xabarlar bejiz tarqalmayotganiga ishoradir? Axir, avvallari Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vazirlari ham qo‘shma harbiy guruhlarni Ukrainaga yuborishga chaqirgandi-da.

SМИ: Britaniya и Fransiya тайно обсuжdaют отправкu "миротворцев" на Украинu - РИА Новости, 16.01.2025

Masalan, 2023-2024 yillari mamlakat harbiy tizimini boshqargan Grant Shapps va 2017-2019 yillarda Bosh vazir bo‘lgan Gevin Uilyamson “Telegraph” nashriga bergan intervyusida mojaro nihoyasiga yetgach, Buyuk Britaniya o‘z qo‘shinini Ukrainaga kiritish majburiyatini olishi kerak, deya ta’kidlagan.

– Urushdan keyingi tinchlikparvar kuchlar tarkibida Britaniya qo‘shinlari ishtirok etishi, shubhasiz, ma’qul qadam bo‘lardi, lekin bu Ukrainaga zarur yordamning kichik bir qismi, xolos, – degandi o‘shanda Shapps.

O‘z navbatida, Moskva ayni masalaga izoh berib, qo‘shma kuchlar kiritilishini istisno etmasligi, faqat har ikki tomon bunga rozi bo‘lishi shartligini eslatgan.
– Bunday masalalar muzokarada muhokama qilinishi mumkin, yakdil qarorga kelish kerak, – degandi dekabr oyida Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Shu bilan birga, u Kiyevning pozitsiyasini nazarda tutib, “bu haqda gapirishga hali erta”ligiga ishonchi komilligini ham ta’kidlagan.

S.Rahimov,

O‘zA