Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik mashhur jurnalist Leks Fridmanga bergan intervyusida “Mamlakat Lugansk, Donetsk, Zaporoje va Xerson viloyatlari, shuningdek Qrimdan NATOga a’zo bo‘lish taklifi evaziga voz kechishga rozi bo‘ladimi?” degan savolga javob berdi. Ushbu video suhbat amerikalik jurnalistning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan.

Ukrainaning “ukr.net” nashri yozishicha, davlat rahbari Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni tark etish evaziga NATOga qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqilishini qayd etgan. Muayyan shartlar bajarilgan taqdirdagina mamlakat bunga rozi bo‘ladi.

– Qonunan, mamlakat NATOga taklif qilingan, boshqa barcha hududlarimiz nazorat ostida, harbiy tuzilma Ukrainaga qarashli qismda harakatlanishi mumkin, – deya Prezident nutqidan iqtibos keltirilgan “Anadolu” axborotida. Ukraina urushni to‘xtatishning diplomatik yo‘lini ko‘rsagina, voqealar shunday rivojlanadi.

Qozog‘istonning “Tengre News” sayti Zelenskiy AQSHning saylangan Prezidenti Donald Tramp ham Rossiya energetikasining jahon bozoriga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun RFga qarshi sanksiya joriy qilishi zarurligini ta’kidlaganiga e’tibor qaratgan.