Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida respublikada ko‘plab ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida To‘rtko‘l tumani “Ko‘na To‘rtko‘l” hududidagi suv inshootini hamda ichimlik suvi tarmog‘ini ta’mirlash belgilangan edi. Ushbu inshootda 3,7 milliard so‘m mablag‘ asosida qurilish ishlari yakuniga yetkazildi va hududda ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Markazda ta’mirlash ishlari olib borildi
Beruniydagi tumanlararo Perinatal markazida 7 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari to‘liq bajarildi.
Natijada markazda 100 nafarga yaqin tug‘ish yoshidagi ayolga, shuningdek, onalar va bolalar uchun barcha qulay sharoitlar yaratildi. Shu asosda, Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari fuqarolariga xizmat qiluvchi yana bir inshoot foydalanishga topshirildi.
Eng namunali ko‘cha boshlari
Chimboyda “Eng namunali ko‘cha boshlari” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari 2023 yilda Qoraqalpog‘istonga tashrifida mahalla yettiligi bilan uchrashib, Qoraqalpoq xalqining milliy qadriyatlari asosida shakllangan ko‘cha boshlarini mahalla yettiligiga madad bo‘lishdek xizmatlarini alohida ta’kidlagan edi.
Tadbirda “Eng namunali ko‘cha boshlari” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘lgan “Qorako‘l” mahalla fuqarolar yig‘inidan A.Sariboyev 20 million so‘m, tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan “Temir-yo‘l guzari” mahalla fuqarolar yig‘inidan A.Jarimbetov, “Berdaq” mahalla fuqarolar yig‘inidan A.Allaxov besh million so‘m, shuningdek, faol ishtirok etgan o‘n to‘qqiz nafar ko‘cha boshi bir million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Murojaat ijobiy hal etildi
Nukus shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro G.Abdiualiyeva Adliya vazirligiga “ishonch telefoni” orqali murojaat qilib, 2004 yil 31 dekabrda tug‘ilgan farzandiga shu kungacha tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma olmaganligini, bu esa o‘z navbatida qator muammolarni keltirib chiqarayotganligini bildirgan.
Muammo o‘rganilganida murojaat egasi shu kungacha shaxsni tasdiqlovchi hujjat olmasdan kelganligi sababli farzandining hujjatlarini rasmiylashtira olmagan. Adliya vazirligining amaliy yordamida murojaat egasiga fuqarolik pasporti, 20 yoshli qiziga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.