O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 dekabrdagi qarori bilan “2025–2027 yillarda davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlandi.

Ushbu strategiya davlat xaridlari jarayonlarini ekologik barqaror va keng raqobatga asoslangan holda takomillashtirish hamda “yashil” xaridlarning ulushini oshirishni maqsad qilgan. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik zararlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.

Qarorda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni, ayniqsa, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanadigan kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berilgan. Davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida raqamlashtirishni joriy etish va elektron xaridlarning ulushini oshirish vazifalari ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, xarid jarayonlarini doimiy monitoring qilish va samarali nazorat o‘rnatish maqsadida yagona boshqaruv tizimini yaratish vazifasi ham belgilandi. Strategiyani amalga oshirish uchun 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA