“Sustainable Fitch” kompaniyasi “O‘zbekgidroenergo” AJning ESG Entity Rating bahosini “2” (yaxshi) darajasida tasdiqladi va umumiy bahosini 65 dan 72 ga oshirganini e’lon qildi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu reyting gidroenergiya ishlab chiqarish orqali iqlim o‘zgarishini yumshatishga qo‘shilgan katta hissa, shuningdek, kompaniyaning boshqaruv tuzilmasi va 2023 yilda ijtimoiy ko‘rsatkichlarda kuzatilgan yaxshilanishlarni aks ettiradi.
Shuningdek, 7 ballik ushbu o‘sish “O‘zbekgidroenergo”ni Markaziy Osiyodagi eng yuqori ESG bahosiga ega kompaniyaga aylantirdi.
Kompaniyaning qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) 7.2 bandiga (qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish) katta hissa qo‘shmoqda.
“Sustainable Fitch”ning ESG reytinglari ekologik, ijtimoiy va boshqaruv samaradorligini baholash uchun global yechimlarni taklif qiladi. Bu reytinglar kompaniya, platforma va instrument darajasidagi ekologik va ijtimoiy mezonlarni biznes strategiyasi va boshqaruvga integratsiya qilish darajasini ifodalaydi.
ESG reytinglari “1” dan “5” gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi, bu yerda “1” eng yaxshi natija, “5” esa eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi.
“O‘zbekgidroenergo” AJga berilgan yuqori baholar uning mintaqadagi barqaror va samarali kompaniya sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA