Oliy Majlis Senati tomonidan mahalliy kengashlar faoliyatini rivojlantirish, mahalliy ijro va vakillik hokimiyatining bo‘linishi prinsipi asosida konstitutsiyaviy normalarni joriy etish hamda sohadagi islohotlarni o‘zida aks ettirgan o‘quv-seminarlari o‘tkazib kelinmoqda.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv-seminarida xalq deputatlari Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hamda ushbu hududlarning tuman va shahar kengashlari deputatlari ishtirok etdi.
Senati Raisi T.Norboyeva Oliy Majlis palatalarining majlislarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar va bu borada vakillik organlarining roliga to‘xtalib o‘tdi.
Mahalliy kengashlar va deputatlar faoliyatini takomillashtirish, kengashlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, ularning nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirish hamda bunda aholi, keng jamoatchilik vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarda mahalliy byudjetni, hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish, shuningdek, ijro hokimiyati rahbarlarining hisobot va axborotlarini tinglash uchun samarali mexanizmlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, hududiy va xalqaro hamkorlikdagi dasturlar ijrosi yuzasidan ta’sirchan deputatlik nazoratini kuchaytirish, kengash faoliyatiga yoshlarni keng jalb qilish, ularning kengash qarorlarini qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Seminarda Senat qo‘mitalari va mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, deputatlar va saylovchilar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish hamda ularning faoliyatini raqamlashtirish masalalariga urg‘u berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA