Qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazish, bu borada Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar, aholi muammolarini o‘rganish va hal qilish maqsadida Orolbo‘yida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi ishchi guruh vakillari, sektorlar rahbarlari eng olis, chekka hududlarda bo‘lib, odamlar bilan muloqot olib boryapti.
Nukus shahridan yuz kilometr olisdagi Qo‘ng‘irot tumanining “Qo‘ng‘irot”, “Qoratol” ovullarida aholi, “mahalla yettiligi” bilan muloqotlar asnosida kichik tadbirkorlik sub’ektlari vakillarini o‘ylantirayotgan masalalar o‘rganilib, joyida yechim topib berildi. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Nukusdan uch yuz kilometr uzoqda joylashgan Ellikqal’a tumani “Chuqurqoq” ovuli aholisi bilan muloqotlarda avvalgi sayyor qabullardagi murojaatlar bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ham o‘rganildi.
Shu kuni aholi uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi, ularga qishki kiyim-boshlar, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Nukus shahridan yetmish kilometr olisdagi Qorao‘zak tumani “Qutli makon” mahallasida tashkil qilingan navbatdagi sayyor qabulda asosan tabiiy gaz, elektr energiyasi, sog‘liqni saqlash, soliq imtiyozlari bo‘yicha qator murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati joyida hal qilindi. Shuningdek, chekka-olis ovullarda uyma-uy yurilib, og‘ir sharoitdagi oilalar, bemorlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olindi.
Prezident Xalq qabulxonalari va sektorlar hamkorligidagi bu kabi amaliy ishlar, aholi bilan muloqotlar, sayyor qabullar Orolbo‘yining qolgan hududlarida ham tashkil qilinyapti.
M.Qosimova, O‘zA