Qatar poytaxti Dohada og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining navbatdagi kuni O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun kutilganidek omadli kechdi.
Qit’a chempionatining ortda qolgan kunida 9 nafar yosh og‘ir atletikachilarimiz bahslarda ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 8 nafari sovrinli o‘rinlarni egalladi. Sportchilarimiz umumiy hisobda 19 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 11 tasi oltin, 6 tasi kumush, 2 tasi bronza medallaridir.
Terma jamoamiz a’zolaridan Behruzbek Ganjaboyev va Boburmirzo Yoqubov o‘smirlar o‘rtasidagi, Abdulaziz Alimjonov yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda 73 kilodagi bahslarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.
Supachada davom etgan o‘ziga xos raqobatlar natijasida Boburmirzo Yoqubov dast ko‘tarishda 136 kilo bilan bronza, ikki kurashda 300 kg. natijasiga ko‘ra kumush medallarga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Behruzbek Ganjaboyev dast ko‘tarishdagi 136 kilo toshni bo‘ysundirib, kumush medalli bo‘ldi.
Yoshlar orasidagi kurashlarda o‘ziga xos chiqishlari bilan ajralib turgan Abdulaziz Alimjonov dast ko‘tarishda 144 kg. (kumush), siltab ko‘tarishda 185 (oltin), ikki kurashda 329 kg. (oltin) ko‘rsatkichni qayd etgan holda terma jamoamiz hisobiga qimmatli sovrinlarni qo‘shib qo‘ydi.
Chempionatning -81 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan umidli sportchimiz Hasanboy Bardiyev dast ko‘tarishda 156 kg., siltab ko‘tarishda 187 kg. va ikki kurashda 343 kg. natija qayd etib, o‘z vaznida mutlaq chempionlikni tantana qilgani e’tiborli bo‘ldi.
O‘smir o‘g‘il bolalar o‘rtasida -89 kg. vazn toifasida “A” guruh bahslarida supachaga ko‘tarilgan ikki nafar vakilimiz oltin va kumush medallarni delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi. Bekzod G‘ofurjonov dast ko‘tarishda 154 kg., siltab ko‘tarishda 194 kg. va umumiy 348 kg. natija bilan uchta oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, ushbu vaznda Nodirbek Jo‘rayev dast ko‘tarishda 139 kg., siltab ko‘tarishda 175 kg. va umumiy 314 kg. natija bilan uchta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida -76 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Gulshodaxon Dadamirzayeva siltab ko‘tarishda 91 kg., dast ko‘tarishda 118 kg. va ikki kurashda 209 kg. natija bilan bronza medaliga ega chiqdi.
Ayollar o‘rtasida -81 kg. vazn toifasi “A” guruh bellashuvlarida kechgan bahslarda hamyurtimiz Nigora Suvonova dast ko‘tarish dasturida 93 kg., siltab ko‘tarishda 121 kg. va umumiy 214 kg. natija bilan o‘z vaznida oltin medallarga ega chiqib, Osiyoning tengsiz yosh sportchi qizi ekanligini isbotladi.
Bugun Osiyo chempionatining navbatdagi kunida mamlakatimiz og‘ir atletikachilaridan Ruslan Rahmatjonov -96 kiloda, Qudratbek Salimjonov 109 kilogramm vaznda medallar uchun kurashga kirishadi.
Eslatib o‘tamiz, 20 ta mamlakatning mahoratli yosh og‘ir atletikachilari qatnashayotgan chempionat 25 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA