Surxondaryoning Termiz shahrida joylashgan Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi zalida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat birinchiligi yakunlandi.
Mazkur chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 2005-2006 yillarda tavallud topgan dzyudochilar jami 14 ta vazn toifasida raqobatlashdi. Musobaqaning so‘nggi kunida qizlar o‘rtasida -78, +78 kg, o‘g‘il bolalar orasida -90, -100 va +100 kg vazn toifalarida bellashuvlar tashkil etildi.
Ushbu bahslarda Muxlisa Turdiyeva (Qashqadaryo), Yuliyanna Shubuladze (Toshkent shahri), Alisher Samanov (Samarqand), Muhammadali Zoyirov (Toshkent shahri) va Fazliddin Rafiqov (Toshkent shahri) o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini yengib, mamlakat chempioniga aylandi.
Uch kun davom etgan O‘zbekiston chempionati yakuniga ko‘ra, Toshkent shahri jamoasi 5 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza, jami 10 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Xorazm viloyati 3 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medali bilan ikkinchi pog‘onadan joy oldi.
Kuchli uchlikka 2 tadan oltin va kumush, 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Samarqand viloyati dzyudochilari yakun yasab berdi. Medallar soni bo‘yicha xorazmlik dzyudochilar (12 ta medal) peshqadam bo‘ldi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, chempionatda 14 ta hududiy jamoalardan 10 tasi kamida bitta bronza medali bilan uyga qaytdi. Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyati terma jamoalari safida ham bir nafardan O‘zbekiston chempioni bor.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA