Poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida “Milliy sport mukofoti-2024” g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Paralimpiya qo‘mitasi va qator tashkilotlar mutasaddi rahbarlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda sport vaziri Adham Ikromov so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibor natijasida sport sohasida ulkan muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilayotgani, joriy yilgi sport mavsumida sportchilarimiz katta yutuqlarga erishganini ta’kidladi.
Shuningdek, yil davomida barcha sport federatsiya va assotsiatsiyalar, tashkilotlar hamda OAV vakillari mazkur soha bo‘yicha samarali ishlar olib borgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, joriy yil kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida shohsupaga ko‘tarilgan sportchilarga Prezident qarori asosida bir martalik pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, 2024 yil davomida o‘zbek sportida qayd etilgan eng muhim sport tadbirlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Tadbir davomida turli nominatsiyalar bo‘yicha yilning eng yaxshilari aniqlandi. Quyida ular bilan tanishasiz:
“Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” – Abduqodir Husanov (futbol);
“Yilning eng yaxshi yosh paralimpiyachisi” – Asadbek Toshtemirov (para taekvondo);
“Noolimpiya sport turlarida yilning eng yaxshi terma jamoasi” – Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi;
“Noparalimpiya sport turlarida yilning eng yaxshi terma jamoasi” – Para shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi;
“Yilning eng faol sport targ‘ibotchisi” – Nodir To‘ychiyev;
“Yilning eng yaxshi sport fotomuxbiri” – Almurat Mamadaminov (O‘zA);
“Yilning eng yaxshi sport jurnalisti” – Marina Yakubova (Sport kanali);
“Yilning eng yaxshi hakami” – Zuhra Abdullayeva;
“Yuksalayotgan federatsiya” – O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi;
“Yilning eng yaxshi sport tadbiri tashkilotchisi” – O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi;
“Yilning eng yaxshi sport federatsiyasi” – O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi;
“Yilning eng yaxshi para terma jamoasi” – Para yengil atletika;
“Yilning eng yaxshi terma jamoasi” – Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi;
“Yilning eng yaxshi para sport murabbiyi” – Yahyo Yakubov;
“Yilning eng yaxshi murabbiyi” – To‘lqin Qilichev;
“Muxlislar mehrini qozongan sportchi” – Sitora Turdibekova (boks) va Ro‘za Qo‘ziyeva (para pauerlifting);
“Paralimpiya harakatini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi uchun” – Ijtimoiy himoya milliy agentligi;
“Yilning eng yaxshi ayol paralimpiyachisi” – Nurxon Qurbonova (para yengil atletika);
“Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” – Diyora Keldiyorova (dzyudo);
“Yil kashfiyoti” – Razambek Jamalov (erkin kurash);
“Yilning eng yaxshi erkak paralimpiyachisi” – Husniddin Norbekov;
“Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” – Hasanboy Do‘smatov;
Ha, har yilning boshlanishi va yakuni bor. Biroq, yil sarhisobida ulkan muvaffaqiyatlarni yodga olish barcha uchun yoqimli. Umid qilamizki, kirib kelayotgan 2025 yilgi sport mavsumi ham ulkan g‘alabalarga boy bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA