Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining qurilish materiallari sohasiga qaratayotgan e’tibori natijasida mazkur tarmoq iqtisodiyotimizning eng asosiy “drayver” sohalaridan biriga aylandi. Bu jarayonda xorijiy investitsiyalar va kreditlar samarali o‘zlashtirildi, yangi sanoat korxonalarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Innovatsion yondashuvlar asosida energiya tejamkor va ekologik zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, hududlardagi xomashyo bazasidan samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish ixtisoslashtirildi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning qayd etishicha, bugungi kunga kelib 67 turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq ta’minlandi. Hatto ayrim turdagi mahsulotlar bo‘yicha eksport hajmi oshirildi. Masalan, mahalliy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan plitkalar, sement, gipsokarton va boshqa turdagi qurilish mahsulotlari tashqi bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston qurilish materiallari sohasida importyor davlatdan eksportyorga aylanmoqda. Bu esa nafaqat milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, balki aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham keng yo‘l ochmoqda.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA