Toshkentda Markaziy Osiyoda yoshlar radikallashuviga qarshi kurash muhokama qilindi

241

YeXHTning Toshkentdagi vakolatxonasida «Markaziy Osiyo mamlakatlarida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondan ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, blogerlar, ekspertlar ishtirok etdi.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova yoshlarning radikallashuvi mintaqa xavfsizligiga tahdidga aylanib borayotganini alohida ta’kidlab, buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olishda jurnalistlarning o‘rni haqida to‘xtaldi.

– Ommaviy axborot vositalari ham radikallashuv vositasi, ham unga qarshi kurashda kuchli vosita bo‘lishi mumkin. Jurnalistlar bunday mavzularni yoritishda o‘z mas’uliyatini anglashi, nozik mavzular bilan professional va axloqiy jihatdan ishlay olishi muhim, – dedi G.Bobojonova.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning ta’kidlashicha, radikallashuvga qarshi kurashish nafaqat davlatning, balki jamiyatning, ommaviy axborot vositalarining, yoshlarning ham vazifasidir. Biz yoshlar o‘zlarini umumiy kelajakning bir qismi sifatida his qilishlari uchun sharoit yaratishimiz kerak.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, radikallashgan yoshlarning 80 foizga yaqini ekstremistik g‘oyalarga birinchi bo‘lib internet orqali duch keladi. Radikal kontentni tarqatish uchun Telegram va TikTok kabi platformalardan faol foydalanilmoqda.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, radikal guruhlar ta’sirida bo‘lgan yoshlarning 60 foizi yolg‘izlanish, tushkunlik yoki o‘z shaxsiyatini anglamasdan aziyat chekadi. Bu ularni manipulyatsiyaga qarshi himoyasiz qiladi.

Markaziy Osiyoda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik 15 foizdan oshadi, bu esa og‘ir hayotiy vaziyatdan «chiqish yo‘li»ni taklif qilayotgan ekstremistlar uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Tadbirda Qozog‘istonlik ekspert Zamir Tuleshov axborot kampaniyalarini tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. U yoshlar uchun tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va o‘quv seminarlarini o‘tkazishga qaratilgan multimedia kontentidan foydalanishni taklif qildi.

– Biz yoshlar tilida gapirishimiz, ommabop ijtimoiy tarmoqlar va podkastlar, hikoyalar va qisqa videolar kabi formatlardan foydalanishimiz kerak. Radikal g‘oyalar xavfini tushunish uchun yoshlarni ochiq muloqotga jalb etish muhim, – dedi  Zamir Tuleshov.

Tadbir yakunida mediasavodxonlikni mustahkamlash, ta’lim, targ‘ibot kampaniyalarini tashkil etish va yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish dasturlarini ishlab chiqish kabi tavsiyalar berildi.

O‘zA