Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025 yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot davom etmoqda.

Mamlakatimizda 5 mingdan ziyod ishchisi bor, yillik daromadi 1 trillion so‘mdan oshgan, kamida 100 milliard so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkorlar paydo bo‘ldi.

Bu korxonalar eng ilg‘or texnologiyalar va yangicha boshqaruvni joriy etgan, o‘zlari arzon resurs olib kelayapti, kredit va soliqni o‘z vaqtida to‘layapti, muddati o‘tgan qarzi yo‘q.

Muhimi, ular har kuni yangilikka intilib, izlanishdan to‘xtamayapti. Ular ko‘p tarmoqli korporatsiyaga aylanib, yondosh sohalar rivojiga ham katta hissa qo‘shayapti.

Prezident boshqa salohiyatli tadbirkorlarni ham qo‘llab-quvvatlab, “chempion” tadbirkorlarni ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.

Bunday tadbirkorlarga yer va binoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish, davlat korxonalarini ham uzoq muddatga boshqaruvga topshirish, harbiy sanoat, dronlar ishlab chiqarish, IT va sun’iy intellektni keng rivojlantirishda ular bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkinligi qayd etildi.

O‘zA