Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi va tadbirkorlar bilan muloqot davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishini ta’kidladi.

Jumladan, hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun byudjet tushumlari qanchalik zarur bo‘lmasin, asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi.

Shuningdek, 1 yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz solig‘i (10 foiz) bekor qilinadi.

Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer solig‘ini hisoblash to‘xtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5 yilga ozod etiladi.

Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar 2040 yilgacha uzaytiriladi.

Xususiy maktab va bog‘chalar, xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030 yilgacha amal qiladi.

O‘zA