“Transfermarkt“ portali Osiyo qit’asining eng qimmat markaziy himoyachilari ro‘yxatini e’lon qildi. Quvonarlisi, ushbu ro‘yxatdan O‘zbekiston Milliy terma jamoasi va “Lans“ himoyachisi Abduqodir Husanov ham o‘rin oldi.
Unga ko‘ra, Janubiy Koreya terma jamoasi va “Bavariya“ jamoasi himoyachisi Kim Min Jening transfer narxi 45 million yevro etib baholandi va Osiyoning eng qimmat himoyachisiga aylandi. Yaponiyalik Hiroki Ito (“Bavariya”) 30 million yevro qiymatida baholanib jadvalning ikkinchi o‘rnidan joy olgan bo‘lsa, yana bir yapon futbolchisi Ko Itakura (“Borussiya Myonxengladbax”) 15 million yevro narx bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Ushbu ro‘yxatda Abduqodir Husanovning transfer narxi 12 millionga baholanib to‘rtinchi pog‘onaga qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida: Abduqodir Husanovning “Transfermarkt“ portalidagi bahosi yaqinda 5 million yevrodan 12 million yevroga ko‘tarildi va ayni vaqtda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisi bo‘lib turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA