Avvalroq, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Kanadani Amerikaning 51-shtatiga aylantirishni “ajoyib g‘oya” deb bilishi haqida mish-mishlar tarqalgan edi.

Joriy yilning 30 noyabr kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo AQSHning saylangan prezidenti Kanada va Meksika bilan hamkorlik qilmasa, tovarlarga 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilganidan so‘ng Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida Tramp bilan uchrashdi.

Ayrim manbaalarga ko‘ra, Tramp go‘yoki Tryudoga bu g‘oya yoqmasa, Kanada 51-shtat, Tryudoning o‘zi esa shtat gubernatori bo‘lish orqali ta’rifdan qochishi mumkinligi haqida hazil qilgan.

Tramp tarafdorlari tasdiqlanmagan mish-mish sifatida qabul qilingan “yomon” hazilni ijtimoiy tarmoqlarda faol ravishda tarqatishdi. Biroq Donald Tramp o‘zining “Truth Social” ilovasida Kanada bayrog‘i yonidagi tog‘ tepasida turib, boshqa cho‘qqiga qarab turgani haqidagi memni joylashtirgach, vaziyat yangicha tus oldi.

Kanadadagi saylovlar bo‘yicha yuridik maslahatchi Gregori Tardi “The National Post” nashriga bergan intervyusida bu g‘oya 1982 yilgi Kanada Konstitutsiyasining 41-bo‘limiga ko‘ra nazariy jihatdan mumkin ekanligini aytmoqda.

G‘oyani amalga oshirish uchun esa Kanada parlamentining ikkala palatasi va mamlakatning barcha 10 provinsiyasi qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi.

Qo‘shma Shtatlarning Kanadani bosib olishga bo‘lgan urinishlari avval ham tarixda kuzatilgan. Buni sinab ko‘rgan oxirgi odam 1812 yilgi urush paytida prezident Jeyms Madison edi. Uning urinishlari ingliz qo‘shinlari tomonidan qaytarilgandi.

G.Sattorova, O‘zA