Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ozish marafonlarini tashkil qilayotgan, ozdiruvchi mahsulotlar reklamasini faol olib borayotganlar juda ko‘p. Ular orasida mashhur san’atkorlar ham salmoqli. Qidiruv tizimiga “oson ozish” deya yozsangiz, ertakdagi natijalar va’da qilingan videolar chiqib keladi: “Bir kunda ozamiz”, “Uch kunda 10 kilo ozish”… Fantastikaga o‘xshaydi, ammo afsuski, ishonadigan soddalar ham oz emas. Yo‘qsa, videolar 500 ming va hatto milliondan oshiq ko‘rilmagan bo‘lardi.
Semizlik yangi muammo emas. Bu dard bilan davlat darajasida kurashib kelayotgan mamlakatlar ko‘p. O‘zbekiston uchun ham ortiqcha vazn dolzarb muammo. Ma’lumotlarga ko‘ra aholining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor.
“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsulotlarining respublikamiz hududiga olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishdi.
oytaxt aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan va bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan biri yo‘l sumkasida 2 turdagi 49 dona “Zerofit” yozuvli paketchali kofelarni olib kirishga uringani aniqlandi.
“Toshkent–AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi xodimlari tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa oldindan tezkor kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5760 dona “Keta” nomli ozdiruvchi qahva mahsulotlari borligi aniqlandi.
Har ikkala holatda olib qo‘yilgan qahva mahsulotlari Markaziy bojxona laboratoriyasida bojxona ekspertizasidan o‘tkazilganida, ularning tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi.
Mazkur modda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 oktyabrdagi 632-son qarori bilan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan hamda respublikamiz hududida muomalasi cheklangan.
Ushbu qarorga binoan tarkibida “sibutramin”, shuningdek, o‘xshash psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan uning strukturaviy analoglari 2025 yil 1 yanvardan faqat giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizatsiya qilinadi (sotiladi).
“Sibutramin”ning 0,5 grammi jinoiy harakatni tasniflashda ko‘p miqdor hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, “Toshkent–AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida aniqlangan 36 ta bojxona qonunubuzilishi holatlarida 57 kg. og‘irlikdagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev (video), O‘zA