Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatni muntazam tahlil qilib boradi.
Noyabr oyida ko‘chmas mulk bozori ijobiy tendensiyani saqlab qolishda davom etdi. Savdolar 21,9 ming bitimni tashkil etib, oktyabr oyidagi ko‘rsatkichdan 2,5 foizga oshdi.
Shu bilan birga, yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik 0,8 foizga o‘sdi.
Noyabr oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlarining o‘sish dinamikasi O‘zbekistonning turli hududlarida, xususan, Xorazm va Buxoro viloyatlarida mos ravishda 15,6 foiz va 8,4 foizga ijobiy tendensiyalarni ko‘rsatmoqda.
Toshkent mamlakatning poytaxti va eng yirik shahri sifatida ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 30 foizdan ortig‘ini egalladi, faollik darajasi esa 9,3 foizga oshdi.
Bir oy ichida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmagan holda atigi 0,3 foizga o‘sdi, o‘tgan yilga nisbatan 6,2 foizga o‘sish qayd etildi.
Yil davomida bozorning ushbu segmentida sezilarli o‘sish Surxondaryo (18,1 foiz), Buxoro (11,9 foiz) va Qashqadaryo (10,2 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib qolmoqda. Bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 333 dollarni tashkil etadi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi oy davomida atigi 0,2 foizga oshib, 1,1 ming dollardan sal ko‘proqni tashkil etdi.
Poytaxtning Bektemir, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida narxlar sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,2 foizga oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida shu davrda 1,5 foiz pasayish kuzatildi.
Noyabr oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida turg‘unlik qayd etildi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi. Bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7 foizga pasaydi. Yil davomida narxlarning eng katta pasayishi Uchtepa, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida qayd etildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA