Noqonuniy chiqindi poligonlari tashkil etilishi, avvalo, atrof-muhit va ekologiyaga salbiy ta’sir o‘tkazib, tuproq, suv va havo ifloslanishiga sabab bo‘ladi. Bu zararli hasharotlarning ko‘payishi, infeksion kasalliklar ortishi va insonlarda o‘pka saratoni va nafas olish nuqsonlarining rivojlanishiga olib keladi.
“O‘zbekkosmos” agentligining xabar berishicha, ekologiya yo‘nalishida olib borilgan joriy yilgi kosmik monitoring natijalariga ko‘ra, respublikamizning qariyb 721 gektar maydonida 1 ming 928 ta noqonuniy chiqindixona mavjudligi aniqlangan..
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 243 ta (63,2 gektar), Xorazm viloyatida 168 ta (22 gektar), Buxoro viloyatida 92 ta (91b7 gektar) noqonuniy chiqindi poligonlari aniqlangan. Navoiy viloyatida esa 216 ta (112,4 gektar), Samarqandda 147 ta (41,2 gektar), Qashqadaryoda 81 ta (79b3 gektar) hamda Andijon viloyatida 180 ta (42 gektar) shunday hududlar aniqlangan.
Shuningdek, Namangan viloyatida 195 ta (65,2 gektar), Farg‘onada 164 ta (51 gektar), Toshkent viloyatida 363 ta (98,6 gektar), Jizzaxda 39 ta (30,44 gektar) va Surxondaryo viloyatida 40 ta (20,11 gektar) noqonuniy chiqindi to‘plangani aniqlangan.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA