Nukus shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘g‘il bolalar va qizlar (U-18) o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi bahslarida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 300 nafarga yaqin yoshlar 18 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Yilning eng so‘nggi belbog‘li kurash musobaqasining tantanali ochilish marosimida Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vaziri Adilbek Allanazarov va boshqalar sportchilarga omad tiladi.

Ikki kun davom etgan murosasiz bellashuvlarda o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning klassik va erkin yo‘nalishlaridagi 10 ta vazn toifasida, qizlar 8 ta vaznda kuch sinashdi.

Shiddatli kechgan bellashuvlar natijasida qizlardan Gulsanam Soliyeva (Farg‘ona), Shahlo Kalmuratova (Qoraqalpog‘iston), Diyoraxon O‘razova (Andijon), Muxlisa Rustamova (Namangan), Dilnura Norboyeva (Qashqadaryo) kabi sportchilar o‘z vazn toifalarida oltin medallarga sazovor bo‘ldi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda esa Firdavs Haqnazarov (Toshkent v.), Diyorbek Narziyev (Buxoro), Ozodbek Salimov (Farg‘ona) kabi polvonlar shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA