Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini borib ko‘rdi.

Mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2020-yil 28-yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan, oʻsha yili 17-aprelda uning qurilishiga tamal toshi qoʻyilgandi.

Birinchi bosqichda qariyb 20 gektar maydonda texnopark barpo etilmoqda. U maʼmuriy markaz, tadqiqot va rivojlanish markazi (R&D), farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasi, klinik tadqiqotlar markazi, Farmatsevtika texnik universiteti hamda vivariyni oʻz ichiga oladi.

Bugungi kunda maʼmuriy markaz qurib bitkazilgan. 11 qavatli ushbu binoda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, konferensiya zali, kovorking markazi, biznes inkubator, kutubxona, soha tarixi muzeyi joylashgan.

Davlatimiz rahbari ushbu markazni va navbatdagi inshootlar qurilishini koʻzdan kechirdi.

Klasterdan asosiy maqsad yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakatimiz farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, xalqaro innovatsion tizimga integratsiyalashish, yuqori sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarish, malakali mutaxassislar tayyorlashdir. Ushbu keng koʻlamli maqsadlardan kelib chiqib, Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 190 gektar yer maydoni ajratilgan.

Hozirgi kunda bu yerdagi sanoat zonasida umumiy qiymati 818 million dollarlik 21 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning birinchisi – “Grand Pharm Logistics Hub” tomonidan 40 million dollarlik distribyutorlik markazi ishga tushirildi va 300 ta ish oʻrni yaratildi. Korxonalar Turkiya, Hindiston, Xitoy, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Prezidentimiz ushbu loyihalar tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Investitsiyalarni jalb etish va qoʻllab-quvvatlash izchil davom ettirilishini taʼkidladi.

Kelgusida sanoat zonasida yana 620 million dollarlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi moʻljallangan.

Umuman, klasterda yuqori sifatli dori-darmonlar va tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi, import boʻlayotgan mahsulotlar mahalliylashtiriladi, 8 ming ish oʻrni yaratiladi. Zarur amaliyotlar markazi (GxP) tovarlarning tayyorlanishidan isteʼmolchiga yetib borishigacha boʻlgan barcha bosqichlarda xalqaro standartlarga muvofiqlik va sifatni taʼminlashga koʻmaklashadi.

Davlatimiz rahbariga shu yerda barpo etiladigan Farmatsevtika texnik universiteti haqida axborot berildi.

Unda farmakopeya markazi, kutubxona, sport majmuasi, oʻqituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy boʻladi. Sanoat farmatsiyasi, biokimyo va biotibbiyot, biotexnologiya, biofarmatsevtika, bioinformatika kabi yoʻnalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Buning uchun taʼlim xalqaro dasturlar asosida yoʻlga qoʻyiladi, mikrobiologiya, biotexnologiya, xujayra biologiyasi, farmakologiya, tahliliy kimyo kabi laboratoriyalar tashkil etiladi.

Universitetga joriy oʻquv yilida ilk talabalar qabul qilindi. Prezident ular bilan muloqotda boʻldi.

– Biz rivojlangan davlatlardan investorlar olib kelyapmiz. Ular Oʻzbekistonga qanday qilib baho beradi? Sizlar bilan muloqot qilib. Mamlakatimizning boyligi – yoshlar! Farmatsevtika boʻyicha ham eng yaxshi dasturlarni qoʻllab, kelajak uchun mutaxassislarni tayyorlab olmasak, boshqalarga pul toʻlaymiz, bogʻliq boʻlib qolamiz. Shuning uchun zamonaviy universitet tashkil qilib, dual taʼlimni yoʻlga qoʻyyapmiz. Bu yerda ham bilim olasizlar, ham oʻqiganlaringizni amalda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlasiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur oʻquv yurti bitiruvchilariga Koreya Respublikasining Yonse, Buyuk Britaniyaning Sanderlend va De Montfort universitetlarining xalqaro miqyosda tan olinadigan diplomlari beriladi. Shuningdek, Dandi, Pusan va Purdyu universitetlari bilan ilmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.