Bahrayn poytaxti Manama shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

70 ga yaqin mamlakatning eng kuchli og‘ir atletikachilari ishtirok etgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining 3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza, jami 6 ta medalga ega chiqqani yangi olimpiya davri muvaffaqiyatli boshlanganidan dalolat, deyish mumkin.

Ruslan Nuriddinovning yana bir karra o‘z iste’dodini namoyish etgani, iste’dodli yosh sportchimiz Sharofiddin Amriddinovning dast ko‘tarishda oltin medalga sazovor bo‘lishi, Sarvarbek Zafarjonovning bronza, Muhammadqodir Toshtemirovning bronza va kumush medalni qo‘lga kiritishi mamlakatimizda tajribali sportchilarimizning yangi, oltin avlodi yetishib kelayotganini ko‘rsatdi.

Chempionatda Ruslan Nuriddinov ikki kurashda 424 kg. natija bilan 3 yil avvalgi dunyo birinchiligida o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangilashga erishib, xalqaro maydondagi yetakchi sportchilarga, tajribali ekspertlarga “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasiga tayyorgarlik tamoyilini belgilab olishda yangicha shaklda ishlash lozimligini anglatdi, nazarimizda.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan Sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qurilish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, murabbiy-mutaxassislar shu haqda so‘z yuritishdi.

Vatan sharafini xalqaro sport maydonida ulug‘lagan og‘ir atletikachilarimizning yelkalariga zarbof to‘nlar tashlandi, gullar sovg‘a qilindi.

Qalblarga yuksak g‘alaba sururini bag‘ishlagan bellashuvlar ortda qoldi. O‘z iqtidorini jahon chempionatida namoyish etgan og‘ir atletikachilarimizning bu galgi muvaffaqiyatlari ming-minglab yoshlarimiz qalbida katta sport maydoniga oshuftalik hissini joylash bilan birga yurtimizda mahoratli sportchilarni tayyorlash borasidagi sa’y-harakatlar samarali bo‘layotganini yana bir karra isbotladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA