Prezident raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayotgani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish topshirildi. Bunga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarni elektron platformalarda sotib, daromadini karra-karra oshirayapti. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi xususiy bank bilan 1 ming 300 nafar ayolni o‘qitib, mahsulotini onlayn sotish tajribasini yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda qatnashayotgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudziiga yurtimizda loyihalar qilib, yangi-yangi g‘oyalar olib kelayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi.
Davlat banklari ham bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami 50 million dollar ajratishi muhimligi qayd etildi. Startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ham ochish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
O‘zA