Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimidan ozod etildi

222

“Kabar” axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov mamlakat bosh vaziri Aqilbek Japarovni iste’foga chiqarish haqidagi farmonni imzolagan.

Farmonda Konstitutsiyaning 70-moddasi 1-qismi 4-bandi, 71-moddasiga muvofiq, “Japarov Aqilbek Usenbekovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Ma’muriyati rahbari lavozimidan ozod etildi”, deyilgan. Uning endi qaysi lavozimga tayinlanishi hozircha e’lon qilinmagan.

– Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, bosh vazirning iste’foga chiqishi Vazirlar Mahkamasi boshqa a’zolarining ham iste’foga chiqishiga sabab bo‘lmaydi.
Aqilbek Japarov Qirg‘iziston hukumatini 2021 yildan buyon boshqarib keladi. Bu vaqtda respublikada YAIMning kuchli o‘sishi saqlanib qolindi va qashshoqlikning sezilarli darajada qisqarishi qayd etilgan, -deyiladi xabarda.

– Aqilbek Japarov davlat rahbarining yaqin safdoshi sifatida  yonida qoladi hamda xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona xizmatini davom ettiradi, –dedi Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov.

Shuningdek, Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarov Vazirlar Mahkamasi rahbari vazifasini mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qosimaliyevga yuklaganini e’lon qildi.

A.Qosimaliyev 64 yoshda. U 2022 yil iyunidan beri bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. Bungacha u Moliya vaziri, Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, shuningdek Soliq xizmatini boshqargan.

S.Rahimov, O‘zA