O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” loyihasi Muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash loyihaning barcha manfaatdor tomonlari, xususan, Transport vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, vazirlik va idoralar va boshqa tashkilot vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan bo‘lib, loyiha ustidan umumiy rahbarlikni ta’minlaydi, loyiha doirasidagi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi hamda loyiha amalga oshirilishini tahlil qilib boradi.

Yig‘ilish davomida 2024 yilda loyiha doirasida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi. Xususan, joriy yilda loyiha ko‘magida ayol haydovchilarga katta sig‘imli avtobuslarni haydash huquqini beruvchi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilindi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonda ilk bor ayol haydovchilar ishga qabul qilinishiga turtki berdi.

Toshkent shahrida tasarruf etilayotgan elektrobuslarning iqtisodiy va ekologik ta’siri aniqlandi. Jumladan, har bir elektrobus tasarruf etilishi natijasida yiliga o‘rtacha 70 tonna issiqxona gazlari (CO2) tashlanmalari qisqarmoqda. Toshkent shahriga keltirilgan elektrobuslarning bir qismi Global ekologik fond tomonidan moliyalashtirilgani e’tirof etildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida loyihaning 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi. Loyihaning ilmiy bazasini mustahkamlash maqsadida Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA