O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida qashqadaryolik zargar Sharifjon Raupov ijodiga bag‘ishlangan “Unutilgan tumor izidan” nomli ko‘rgazma ochildi.

“Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada an’anaviy o‘zbek zargarlik san’atining yo‘qolib borayotgan maktablari va ushbu hunarning g‘oyaviy, estetik ahamiyati bilan tanishish mumkin.

Ko‘rgazma kuratorlari Maqsud Asqarov va Sayyora Nazarova oilaviy qimmatbaho buyumlar orqali ma’naviy xotira va uning jamiyatdagi o‘rnini tadqiq etishga harakat qilgani diqqatga sazovor. Loyiha orqali zargarlik buyumlari o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik sifatida ko‘rib chiqilgani e’tiborli.

Tashrif buyuruvchilar zargarlik san’atining turli maktablari namunalari bilan tanishib, an’analarga bugungi kun nigohi bilan nazar tashlash imkoniga ega bo‘lmoqda. Loyiha san’atshunoslar, milliy madaniyat muxlislari va keng jamoatchilik uchun qiziqarli.

Aytish kerakki, bu yerdagi barcha eksponatlar  o‘zbek zargarlik san’atining turli maktablariga mos tarzda tayyorlangani bilan ahamiyatli.

–  Zargarlar sulolasining oltinchi avlod vakiliman, – dedi Sharifjon Raupov. – Bu ko‘rgazmaga 14 yil mobaynida tayyorgarlik ko‘rdim. Uning “Unutilgan tumor izidan” deb nomlanishida ham o‘ziga xos ma’no-mazmun mujassam. Bu yerdagi barcha ziynatlar qadimiy sulolaviy asboblar vositasida tayyorlangan. Ushbu asbob-uskunalar bizga ajdodlardan avlodga o‘tib kelmoqda. XX asr boshlarida O‘zbekistondan ko‘plab zargarlik buyumlari chetga olib ketilgan. Ular hozir Luvr, Ermitaj va boshqa muzeylarda saqlanmoqda. Zargarlikdagi ayrim zeb-ziynatlarning xalq orasida nomi ham, o‘zi ham hatto unutilib ketgan. Ko‘rgazma zargarlikning ana shu unutilgan an’analarini tomoshabinlarga taqdim etayotgani bilan ahamiyatli.

Darhaqiqat, ushbu ko‘rgazmada juda qadimiy va noyob zargarlik buyumlarining betakror namunalari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan. Masalan, o‘ziga xos go‘zal tillaqosh taqinchoq – bolo abro‘, benihoya nafis ziynat – nozigardon, turfa baldoqlar, sirg‘alar, “bodom oy” chakka bezagi, tumorlar, zebigardonlar  va boshqa ko‘plab betakror zeb-ziynatlar shular jumlasidan.

Atoqli zargar usta Sharifjon Raupov ijodiga oid zargarlik ko‘rgazmasi 2025 yil 13 yanvarga qadar davom etadi.

Nazokat Usmonova,  

Alimurod Mamadaminov (surat),  

O‘zA