So‘nggi yillarda Xitoyda futboldagi korrupsiyaga qarshi yirik kampaniya olib borilmoqda. Tahlilchilarning qayd etishicha, bu galgi harakatlar hibsga olishlar davomiyligi va soni bo‘yicha rekordlarni yangilagan.
Kuni kecha Xitoyning Xubey viloyatidagi Syannin oraliq xalq sudi futboldagi korrupsiyada ayblangan navbatdagi “qurbon” nomini ma’lum qildi. U Xitoy futboli afsonasi, 2019-2021 yillarda milliy futbol jamoasining sobiq bosh murabbiyi bo‘lgan Li Ti bo‘lib chiqdi. Sobiq murabbiyga nisbatan 20 yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.
Qayd etilishicha, u 2019 yilda Xitoy milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga saylanish uchun ma’lum shaxslardan yordam so‘ragan, 2020 yilda esa ularga 1 million yuan (137 ming dollar) atrofida “hadya” bergan.
Li Ti 2019-2021 yillarda mamlakat erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi rasmiy mavqeidan foydalanib, tegishli tashkilot va shaxslarga milliy terma jamoaga o‘yinchilarni tanlash, o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qilish, klublar bilan shartnomalar imzolash kabi masalalarda yordam bergan. Ushbu davrda u deyarli 7 million dollardan ortiq pora olgan.
“Sinxua” axborot agentligining yozishicha, Syannin oraliq xalq sudi futboldagi korrupsiyaga qarshi kurash doirasida Xitoy futbol assotsiatsiyasining sobiq bosh kotibi Lyu Yini ham poraxo‘rlikda ayblab, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Shuningdek, uning barcha noqonuniy korrupsiya daromadlari qonun hujjatlariga muvofiq undirilishi va davlat g‘aznasiga qaytarilishi qayd etilgan.
Mart oyida ham ikki futbol amaldori – Xitoy futbol assotsiatsiyasi bosh kotibining sobiq o‘rinbosari Chen Yunliang 14 yilga, Xitoy Superligasining sobiq bosh direktori Dong Chjen 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Xitoy rahbari Si Szinpin avvalroq korrupsiya Xitoy Kommunistik Partiyasining hayotiyligi va qobiliyatiga tahdid soladigan asosiy xavfli o‘sma ekanligini aytgandi. XXR yetakchisi ta’kidlaganidek, korrupsiya uchun zamin va shart-sharoit mavjud ekan, unga qarshi kurash bir daqiqa ham to‘xtab qolishi mumkin emas.
Xullas, Xitoy futbolida korrupsiyaga qarshi kurash mamlakat sporti tarixidagi eng yirik harakatga aylandi. Bu nafaqat eng katta mablag‘ aylanadigan futbolni poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, pul yuvish kabi salbiy illatlardan tozalaydi, balki milliy jamoaning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini ham ta’minlashga zamin yaratadi.
S.Rahimov,O‘zA