Bu haqda Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha rejalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

2030 yilga qadar yana 19 ming megavatt “yashil quvvat”larni barpo etib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Xususan, 2025 yilda 3,4 ming megavattli 18 ta quyosh va shamol stansiyalari hamda 1,8 ming megavattli saqlash tizimlari ishga tushiriladi.

Buning natijasida kelgusi yili “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmlari 12 milliard kilovatt soatga yetadi.

Bu 5 million xonadonning bir yillik iste’moliga teng va 6,5 million tonna zararli gazlarni atmosferaga chiqarishning oldi olinadi, deganidir.

Kelgusi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro-GESlar tashkil qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi.

O‘zA