Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Bu loyihalar ishonchli hamkorlarimiz bo‘lgan “Masdar”, “Akva Pauer”, “Aksa enerji”, Xitoy va Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan amalga oshirilmoqda.
– Ularning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bu bizga va olib borilayotgan islohotlarimizga bo‘lgan ishonchning yaqqol ifodasidir, – dedi Prezident.
Shu munosabat bilan tadbirda shaxsan va videoaloqa orqali qatnashayotgan Birlashgan Arab Amirliklari sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri – “Masdar” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sulton Al-Jobir, energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy, Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayraktar, “Akva Pauer” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan, “AKSA Enerji” kompaniyasi boshqaruvi raisi Jamil Kazanchi, Xitoyning “Chayna Enerji”, “Chayna Datang”, Germaniyaning “Xayper partners” kompaniyalari vakillariga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirildi.
Shuningdek, ushbu loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy va texnik ko‘mak bergan Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon bankiga alohida tashakkur aytildi.
O‘zA