Ayni daqiqalarda Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.

Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilmoqda.

O‘zbekistonda ilk bor Andijon va Farg‘onada 300 megavattli yirik saqlash tizimi barpo etildi.

Shuningdek, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.

Xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni izchil davom ettirish yo‘lidagi yangi sahifa sifatida Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.

O‘zA