Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish davom etmoqda.

Tahlillar ko‘rsatganidek, ba’zi nogironligi bor insonlarda psixologik bosimlar sababli o‘ziga bo‘lgan ishonch yetishmaydi.

Lekin, o‘zida kuch topib, og‘ir vaziyatdan chiqib, qahramonlik ko‘rsatayotgan odamlar ham ko‘pligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz dunyoning eng ruhlantiruvchi “Top-100” ayoli ro‘yxatiga kirgan denovlik Dilorom Yo‘ldoshevaning ishlarini e’tirof etdi. Bu ayol nogironligi bor bo‘lsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambag‘al xotin-qizlarni ishli qildi.

– Mana shunday irodali, matonatli insonlarni hammaga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, ular bilan har qancha faxrlansak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident farmoniga muvofiq, yig‘ilishda Dilorom Yo‘ldoshevaga “Mardlik” ordeni tantanali topshirildi.

Kelgusi yilda bunday insonlar haqida kamida 5 ta motivatsion hujjatli va badiiy filmlar suratga olish muhimligi ta’kidlandi.

Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.

O‘zA