Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida bojxona xodimlarining faol ishtirokini ta’minlash maqsadida ommaviy ko‘chat ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari ham faol ishtirok etib, Xo‘jayli tumani “Sarishungul” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Xo‘jayli” chegara bojxona postida 1 ming 100 tup tut ko‘chatini ekdi.
Ta’kidlash joizki, umummilliy loyihaning kuzgi mavsumi doirasida shu kunga qadar qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar tomonidan Nukus shahri, To‘rtko‘l, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot tumanlarida jami 14 ming 425 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekib, bog‘ yaratishgan edi.
Uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mamlakatimizda ekologik musaffolikni ta’minlab, so‘lim tabiat barpo etish, kelajak avlodga “yashil bog‘lar” qoldirishdir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri