Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va uni rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanning barcha qatnashchilarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mana shunday muhim va nufuzli forumni mamlakatimizda o‘tkazish tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlagani va shaxsan ishtiroki uchun Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossi janoblariga alohida minnatdorlik izhor etaman.
Mazkur anjumanning azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan, bugungi kunda xalqaro hamkorlik borasidagi eng dolzarb masalalar bo‘yicha global miqyosda samarali muloqot markaziga aylanib borayotgan qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Hurmatli konferensiya qatnashchilari!
Iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’siri va an’anaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanadi.
Shu ma’noda, o‘tgan yili Dubay shahrida o‘tkazilgan KOP28 Iqlim sammitida ko‘plab mamlakatlar yetakchilarining atrof-muhitga uglevodorod energetikasi manbalari salbiy ta’sirini keskin kamaytirish maqsadida 2050 yilga qadar atom elektr energetikasi quvvatlarini uch barobarga oshirish bo‘yicha erishgan muhim kelishuvlari bejiz emas albatta.
Mamlakatimizni ishonchli, xavfsiz, iqtisodiy samarador va ekologik toza energiya manbalari bilan ta’minlash – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida yetakchi o‘rin egallab kelmoqda.
Biz sohaning huquqiy-instutitsional asosini mustahkamlash uchun Milliy agentlik tashkil etdik, Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish haqidagi qonun, Atom energiyasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli konsepsiya, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan strategiyani qabul qildik. Soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini joriy etdik.
Yurtimiz jahonda birinchilardan bo‘lib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi. Biz ushbu loyihalarni, bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va qator ilmiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda MAGATEni o‘zimiz uchun muhim sherik deb bilamiz.
Hech shubhasiz, atom energiyasi bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli turtki beradi hamda yangi ilmiy-texnologik ishlanmalar va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish uchun imkon yaratadi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Ushbu anjuman sohada to‘plangan boy bilim va tajribalarni o‘zaro almashish, keng qamrovli hamkorlik o‘rnatish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda tinch atomdan samarali foydalanish bo‘yicha aniq tavsiya va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun g‘oyat zarur muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlamoqchiman.
Konferensiya kun tartibiga sohadagi faoliyatni MAGATE bilan muvofiqlashtirgan holda AESlar barpo etish, ularning xavfsizligini ta’minlash, yadro texnologiyalarini rivojlantirishning ekologik jihatlari kabi o‘ta dolzarb masalalar kiritilgan. Shuningdek, innovatsiyalar, yadroviy tibbiyot, sohada ta’limni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi, deb ishonaman.
Aminmanki, anjuman davomida muhokama qilinadigan barcha g‘oya va tashabbuslar ushbu muhim tarmoqda o‘zaro muloqotni va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash, davlatlarning barqaror taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan ushbu ustuvor yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga doim tayyordir.
Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda ulkan yutuqlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti