Turkiyaning Istanbul universitetida Qoraqalpoq xalqining buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan “Ma’naviy olam kuychisi” mavzusida amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Turksoy” xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti bo‘lim boshlig‘i Sanjar Mo‘lazimo‘g‘lu, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Rasul Zarikeyev so‘zga chiqib, o‘tkazilayotgan tadbirning ahamiyatiga keng to‘xtaldi.

Shuningdek, Istanbul universiteti va Qoraqalpog‘istondan tashrif buyurgan olimlar so‘zga chiqib, buyuk shoirning adabiy merosi, uning turkiy xalqlar adabiyoti va madaniyatida tutgan o‘rni haqida ma’ruzalar qilishdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 16 iyuldagi “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori va uning YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani qalblarga faxr tuyg‘ularini baxsh etmoqda.

Darhaqiqat, xalqimiz tarixi va adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li kelajak avlodlar, adabiyot ixlosmandlari uchun bebaho meros qoldirib ketgan buyuk so‘z zargari, donishmand shoirlardan sanaladi. Uning merosini keng jamoatchilikka, dunyo xalqlariga yaqindan tanishtirish borasida joriy yilning o‘zida ko‘plab tadbirlar amalga oshirildi. “Ajiniyoz” operasi qayta sahnalashtirildi, “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmi suratga olindi, Nukus davlat pedagogika institutida shoirning muzeyi tashkil etildi. “So‘zla bulbul zabonim” nomli xalqaro konferensiya o‘tkazilib, Toshkent shahrida shoirning yubileyi keng nishonlandi.

Anjumanda turkiyalik yoshlarga turkiy xalqlarning ham buyuk shoiri hisoblangan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining ijodi tanishtirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri