O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2025 yil 1 martdan boshlab:
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda “Yashil to‘lov” xayriya to‘lovlarini “Yashil olam” va “Yashil to‘lov” elektron platformalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan “Yashil to‘lov” xayriya to‘lovlari Yashil xayriya jamg‘armasida jamlanadi, bunda “Yashil olam” elektron platformasi orqali amalga oshirilgan xayriya to‘lovlari Yashil xayriya jamg‘armasining alohida hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi;
Yashil xayriya jamg‘armasida jamlangan mablag‘lar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomalari asosida daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni tashkil qilish, shuningdek, mamlakatda ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
Yashil xayriya jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lardan ochiqlik va jamoatchilikka hisobdorlik tamoyillari asosida foydalaniladi.
Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yashil xayriya jamg‘armasi tashkil etiladi.
Shuningdek, qaror bilan:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasi boshqaruv kengashining tarkibi tasdiqlandi.
Ixtiyoriy xayriya to‘lovlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “Yashil olam” va “Yashil to‘lov” elektron platformalari ishga tushiriladi.
2025 yil 1 iyunga qadar Milliy yashil farovonlik fondi (elektron ma’lumotlar bazasi) shakllantirilib, unga respublikadagi, shu jumladan, davlat o‘rmon fondiga kiradigan daraxt va butalar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi va o‘simlik dunyosi ob’ektlari davlat kadastri yuritiladi.
O‘zA