O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmaning Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan Nukus shahridagi Prezident maktabida “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan o‘n turdagi jahon hamda o‘zbek adabiyoti namunalari, xalq ertaklari jamlangan kitoblarning navbatdagi taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot-kutubxona markazi, Qoraqalpog‘istondagi shahar-tuman axborot-kutubxona markazlari, Respublika Bolalar kutubxonasi, Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi, hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarning kutubxona mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, “Yangi O‘zbekiston” – “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov so‘zga chiqib, yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishning muhim shartlaridan ekani haqida so‘zladi.

Tadbir yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi axborot-kutubxona markazlari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga 10 nomdagi 730 dona kitob sovg‘a qilindi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA