Turkiyaning “Ostim” sanoat zonasi boshqaruvi kengashi raisi O‘rxon Oydin boshchiligidagi kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif davomida Toshkent shahrida O‘zbekiston – Turkiya biznes forumi hamda B2B formatidagi uchrashuvlar, O‘zbek-Turk sanoat zonasi 1-bosqichining ochilishi marosimi hm o‘tkaziladi.

Biznes-forumda ikki mamlakat vazirlik, idoralari, tarmoq uyushmalari rahbarlari, 200 dan ortiq yirik ishlab chiqarish kompaniyasi vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.

Bunday forumlar tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish, istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Turkiya O‘zbekistonning asosiy strategik hamkorlaridan biridir. So‘nggi 5 yilda o‘zaro savdo aloqalari hajmi 1,3 barobar oshdi. Davlat rahbarlari topshirig‘iga binoan, savdo ko‘rsatkichini 5 milliard dollarga yetkazish yo‘lida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayni payt qo‘shma korxonalar soni 1900 taga yetgan. O‘tgan yil iqtisodiyotimizga turk investitsiyasi asosida 1,2 milliard dollarlik sarmoya kiritildi.

Joriy yil 6 noyabrda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida raqamli iqtisodiyot bo‘yicha sheriklik bitimi imzolandi.

Turk kompaniyalari vakillari o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqani rivojlantirishdan manfaatdor ekani, mintaqa iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar qo‘shma korxonalar tashkil etish, sanoat sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbolini muhokama qildi.

– Nafaqat sarmoya kiritish, balki ko‘p yil davomida to‘plagan boy tajribani baham ko‘rish ham muhim, – deydi O‘rxon Oydin. – O‘zbekiston – Ma’lumki, “Ostim” shunchaki sanoat zonasi emas, balki mudofaa, ovchilik, energiya kabi turli sohalarning birgalikdagi ekotizimidir. Ishonamanki, bu model O‘zbekistonda namunali dasturga aylanadi, hamkorligimiz Turkiyadagi boshqa savdo-sanoat tuzilmalari uchun namuna bo‘ladi. Biz qonun doirasida barcha majburiyatlarni bajarishga tayyormiz.

So‘zga chiqqanlar – Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov, Anqara viloyati hokimi o‘rinbosari Jixangir Guler, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov 2023 yil 15 dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev qaroriga binoan Toshkent shahrida “Ostim” Global loyiha va texnologiya aksiyadorlik jamiyati ixtiyoriga berilgan 100 gektar maydonda O‘zbek-Turk sanoat zonasi barpo etilayotgani, hamkorlikda umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgani ta’kidlanib, 200 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanayotganiga to‘xtaldi. Ishbilarmon doira vakillari mazkur hamkorlik loyihasiga jiddiy qiziqish bildirdi. Bu jarayonda yurtimizga taklif qilinadigan Turkiyaning 1000 ga yaqin kompaniyasi uchun zarur sharoit yaratilib, jahon standartiga mos tarzda ish olib borish imkoni yaratiladi.

Konferensiya O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatni mustahkamlash, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

Jevat Dyundar va bir guruh tadbirkorlar tomonidan 1967 yil asos solingan “Ostim” Anqaradagi yetakchi sanoat zonalaridan biri sifatida tanilgan. Majmuada 139 yo‘nalishda 6200 dan ziyod korxona faoliyat olib boradi. Mudofaa, aviatsiya, temir yo‘l tizimi, tibbiyot, biznes va qurilish texnikasi sohalarida ixtisoslashuv, aloqa, energetika va rezina texnologiyalari, to‘qimachilik va charm-poyabzal, avtomobilsozlik, metallga ishlov berish, kimyo sanoati, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, matbuot kabi yo‘nalishlarda 60 mingdan ortiq xodim ishlab kelmoqda.

B2B uchrashuvlaridan so‘ng ikki mamlakat ishbilarmonlari O‘zbek-Turk sanoat zonasini ko‘zdan kechirishdi.

Muharrama Pirmatova,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA