Qozog‘istonning Olmaota shahrida Turkiy tilli jurnalistlar jamg‘armasi tashkil etilganining 10 yilligini nishonlandi. Bu haqda axborot hamkorimiz – “Anadolu” xabar bermoqda.
Forum ishtirokchilari Turkiy tilli jurnalistlar jamg‘armasi va Jahon xorijiy matbuot assotsiatsiyasi (WFPA) rahbariyatiga tadbirni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirishdi.
Anjumanda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, O‘zbekiston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi vakillari, shuningdek, Buyuk Britaniya va Germaniyadan turkiy tilli OAV xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishning asosiy mavzusi yagona telekanal loyihasining amalda tatbiq etilishi bo‘ldi.
– Mazkur loyiha xalqaro hamkorlik formati va parametrlari aniqlangach ishga tushadi, – dedi Turkiy tilli jurnalistlar jamg‘armasi prezidenti Naziya Joyamergen.
Media forumga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar orasida Turkiyaning “Madaniyat va sport sohasida Yevroosiyo hamkorlik” jamg‘armasi raisi Ahmet Tyuzun, Buyuk Britaniyadagi Yevropa media xoldingi rahbari Vatan Oz, “O‘zturk” gazetasining bosh muharriri germaniyalik Adnan O‘zturk, mamlakatimizdagi “Halq so‘zi” gazetasining mas’ul kotibi Nurlan Usmonov, “Mercan TV” va “Yeniyol” gazetasi direktorlar kengashi raisi Ibrohim Aslan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan Orxan Hasanog‘lu, Turkiyaning Olmaotadagi Bosh konsuli Evren Muderrisoglu va boshqalar ishtirok etdi.
Yig‘in ishtirokchilari “Turkiyzabon jurnalistlarning IV Xalqaro media forumi butun dunyodan ommaviy axborot vositalari vakillarini muhim masalalar va istiqboldagi strategiyalarni muhokama qilish maqsadida bir joyga to‘plash uchun ajoyib imkoniyat” ekanini alohida ta’kidladilar.
Muharrama Pirmatova, O‘zA