Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalarning aksariyati ijtimoiy muhitdan ajralgan holda ta’lim olmoqda. Ularning umumta’lim maktablariga qatnashi uchun to‘siqsiz muhit va zarur sharoit yaratiladi, maxsus pedagog va psixologlar jalb qilinadi.
Jamiyatimizda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari uchramoqda.
Prezident madaniyatimizga xos bo‘lmagan bunday illatlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz va ayovsiz kurashishimiz shartligini ta’kidladi. Bu masala shaxsan Prezident nazoratida bo‘ladi.
Shu bois, yaqinda, bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr qimmatiga tajovuz qiladigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarda davlat tomonidan tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar ko‘rilishi qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi.
Prokuratura organlari zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan choralarni yanada kuchaytirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA