Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Yangilangan Konstitutsiya talabi asosida mahalliy kengashlar yaqinda hokimlarni lavozimga tasdiqlashda ularning hududni rivojlantirishga oid dasturlarini ilk bor ko‘rib chiqib, ma’qulladi.
Xalqimiz deputatlardan bu dasturlardagi vazifalar ijrosi bo‘yicha deputatlik va kengash nazoratini amalga oshirishda faol va tashabbuskor bo‘lishni kutmoqda.
2025 yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish rejalashtirilgan. Bu orqali mahalliy kengashlarning ushbu sohadagi roli yanada ortadi.
Natijada 2025 yilda tuman va shaharlar byudjetlari daromadi 9,4 trln so‘mga yoki 47 foizga oshadi.
Bu islohotlar tuman va shaharlar o‘z hududidagi muammolarni mustaqil hal etish imkoniyatini tubdan oshirish barobarida kengashlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalar yechimi bo‘yicha asosli tashabbuslarni ilgari surishni ham taqozo etadi.
Senat esa bu yo‘nalishlarda mahalliy kengashlar faoliyatini tizimli tahlil qilib, ularga ko‘maklashib borishi zarur.
O‘zA